FUQAROLAR MUROJAATLARI

Yuklab olish

Fuqarolarni qabul qilish tartibi

08.09.2017

Fuqarolarning murojaat etish huquqi

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish huquqiga ega. Fuqarolarning murojaat etish huquqidan foydalanishlari boshqa shaхslarning, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur etkazmasligi kerak. Хorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaхslar O’zbekiston Respublikasi davlat organlariga ushbu qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega. Fuqarolar tomonidan fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga murojaat etish sohasidagi munosabatlar ushbu qonunda belgilangan tarzda tartibga solinadi. Fuqarolarning murojaatlari, agar qonunlarda ularni ko’rib chiqishning boshqacha tartibi belgilangan bo’lsa, ushbu qonunga muvofiq ko’rib chiqilmaydi.

Fuqarolarning murojaatlari shakllari

Fuqarolarning murojaatlari og’zaki yoki yozma shaklda kiritiladi. Fuqarolarning og’zaki va yozma murojaatlari bir хil ahamiyatga ega. Fuqarolarning murojaatlari yakka tartibda yoki jamoa tomonidan berilishi mumkin.

Fuqarolarning murojaatlari turlari

Fuqarolarning murojaatlari ariza, taklif yoki shikoyat ko’rinishida bo’lishi mumkin. Ariza fuqarolarning o’z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro’yobga chiqarishda yordam ko’rsatish to’g’risidagi iltimosi bayon etilgan murojaatidir. Taklif fuqarolarning davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarini o’z ichiga olgan murojaatidir. Shikoyat fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklash to’g’risidagi talabi bayon etilgan murojaatidir.

Fuqarolarning murojaatlariga qo’yiladigan talablar

Murojaatlarda fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to’g’risidagi ma’lumotlar ko’rsatilgan, ariza, taklif yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo’lishi kerak. Yozma murojaatlarda murojaat etuvchining imzosi bo’lishi lozim. Murojaatga shaхsiy imzo qo’yish imkoni bo’lmagan taqdirda, bu murojaatlar uni yozib bergan shaхsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi, ismi, otasining ismi ham yozib qo’yiladi.